Mirzo Ulug‘bek nomidagi matematika olimpiadasi Buxoroda o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida 25-26 oktabr kunlari Buxoro shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida Mirzo Ulug‘bek nomidagi matematika olimpiadasi (qo`shimcha respublika olimpiadasi) o‘tkazildi.
Mazkur olimpiada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Matematika ta’limi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Olimpiada umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida matematika faniga qiziqishi yuqori bo‘lgan iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Buxoro shahrida o‘tkaziladigan Mirzo Ulug‘bek nomidagi matematika olimpiadasida 2018-2019 o‘quv yilida asosiy fan olimpiadasining III bosqichida g‘olib bo‘lib (1-2-3-o‘rin va 76 balldan yuqori natija ko‘rsatgan), hozirgi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11-sinf, akademik litseylarning 1- va 2-bosqich hamda kasb-hunar kollejlarining 3-bosqichida tahsil olayotgan 100 nafar atrofida iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdi.
Jumladan, maktabimiz 11-sinf o`quvchisi Boboxo`jayeva Lobar Oybek qizi o`tgan yili fan olimpiadasi viloyat bosqichida III o`rinni egallagani uchun ushbu qo`shimcha respublika olimpiadasida qatnashish yo`llanmasini qo`lga kiritgan edi. Lobar bu olimpiadada imkoniyati darajasida qatnasha olmadi, ya'ni g`oliblar safidan joy ola bilmadi. Lekin umid bildirib qolamizki, tayyorgarlik o`quv yili boshida belgilangan reja asosida ketsa, xudo xohlasa, ikkinchi yarim yillikda yuqori natijalar ko`rsatadi. Lobarning o`qishida, oldinda turgan olimpiada, oliy o`quv yurti kirish test sinovlarida omad tilab qolamiz !
Buxoro shahri o`zining ko`hna obidalari bilan ko`pchilikni hamon hayratga solib kelmoqda. Quyida Buxoroda o`tkazilgan olimpiada va shahar bo`ylab sayohatda olingan fotosuratlar bilan tanishishingiz mumkin.