Ma'naviyat - Kasblar haqida
"O`qituvchi" kasbi haqida
Dunyo imoratlari ichida eng ulug`i
maktab bo`lsa, kasblarning ichida
eng sharaflisi o`qituvchilik va murabbiylikdir.
I. Karimov
Ustoz! Shu birgina so`z zamirida olam-olam ma'no va hurmat mujassam.
O`qituvchi-sofdil, kamtarin, ma'naviy boy, ahloqan pok insondir. Ularning poyiga guldastalar sochsak, doimo hurmatlarini ado etib, ardoqlasak arziydi. Chunki ustozlar butun kuchlarini, aql-idroklarini, bilim va zehnlarini, qalb qo`riyu sehrlarini shogirdlariga baxshida etgan zahmatkashlardir. Ular bizlarga oq-qorani, yaxshiyu-yomonni tanitib, qo`llarimizga ilk bor qalam tutqazib, "Ota", "Ona", "Vatan", "Ezgulik", "Baxt", "Saodat" kabi so`zlarni yozishga o`rgatgan buyuk zotlardir.
Donolarning aytishicha, elni ma'rifat asraydi. U elni taraqqiy ettirib, ezgu niyati, orzu-umidiga yetkazadi. Demak, ustozlarning zimmasida kelajagi buyuk davlat uchun komil, har tomonlama barkamol, ma'naviy va axloqiy pok vatanparvar, mehnatsevar insonlarni yetkazib berishdek, yuksak vazifa turibdi.
O`qituvchi zimmasiga hayot talablariga to`la javob beradigan va o`z zamoniga munosib kishilarni tarbiyalashdek ma'suliyatli vazifa yuklatilgan. Quyosh o`z nuri bilan butun tabiat, borlig`ni jonlantirgani kabi, o`qituvchi, murabbiy ham bor mahorati, ilmi bilan o`quvchi-yoshlar qalbini ilm ziyosi bilan to`ldirishga ahd qilgan buyuk kasb egasidir.
Qiyos etgim keladi ustozlarim quyoshga,
O`z mehrini-nurini baxsh etadi har yoshga
Hayotning go`zalligi, farovonligi, odobligi, qolaversa,istiqlolimizning ravnaqi muallim mehnati bilandir.
Jahonda bo`lmasa muallim agar,
hayot ham bo`lmasdi go`zal bu qadar.
Istiqlol egalari bo`lmish yosh avlodni bilimli, savodxon, ma'naviy barkamol va jismonan sog`lom qilib voyaga yetkazishda o`qituvchi-murabbiylarning qissasi benixoya kattadir. Ular berayotgan puxta bilim va ibratli tarbiya katta hayot ostonasida turgan o`g`il-qizlarning vatanparvar hamda hayotda chin inson bo`lishlari, Vatanimizga, xalqimizga fidoiy va halol xizmat qiladigan insonlar bo`lib yetishishiga zamin bo`lib xizmat qiladi.
O`qituvchilik-ma'suliyatli va mashaqqatli kasb, og`ir va davomli mehnatni, sabr-toqatni talab qiladigan savobli ish. Insoniyat kamoloti uchun bugun bilimi, iqtidori va hayotini baxsh etgan ustozlarning xizmatlarini hamma zamonlarda ham kishilar qurmatlab, o`zlarini esa e'zozlab kelishgan. O`z davrining mashhur pedagogi Abdulla Avloniy "Har bir millatning saodati, davlatlarning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog`liqdir", deb yozgan edi. "Ustoz-otangdek ulug`", degan hikmatda olam-olam ma'no bor. Hatto otani quyoshga qiyos etamiz, ko`klarga ko`tarib maqtaymiz. Ammo otaday ulug` deb nisbat beriluvchi inson bor, bu-ustozdir! haqiqatdan, ota-ona seni voyaga yetkazadi, ustoz esa unib-o`sishing, kamolatga erishishing, ilm-ma'rifat cho`qqilarini zabt etishinga ko`maklashadi. O`z umrini, qalb qo`rini, aql-idrokini, tajribasi va bilimini sening yo`lingga sarf etadi. Yutug`ingni ko`rib quvonadi, muvaffaqiyatsizligingdan ham-andux chekadi. O`qituvchi bog`bonga o`xshaydi. U tarbiyalab o`stirgan nihollarning hosili qanchadan-qancha avlodlarni bahramand qiladi. O`qituvchi va murabbiylarning ma'suliyatli, ammo sharafli kasblarini bir mash'alaga qiyos etish mumkin.