Hamjihatlik va mehr-oqibat ifodasi
Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida Navro‘zoldi umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda.
Shaharu qishloqlarda, mahallalar, mehnat jamoalarida erta tongdan hasharga chiqqan yurtdoshlarimiz hamjihat bo‘lib, hovli-joylar, ko‘p qavatli uylar atrofi, ko‘cha va guzarlar, ariq-zovurlarni tozalash, tabarruk qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirishga kirishdi.
Hashar – xalqimizning azaliy qadriyatlaridan. Uning zamirida o‘zaro mehr-oqibat, xayr-saxovat, hamjihatlik, insonparvarlik, shukronalik, obodlik, bunyodkorlik kabi ezgu g‘oyalar mujassam. Bunday qadriyatlar bugungi kunda ham inson kamoloti va jamiyatimiz taraqqiyotiga xizmat qilayotir.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mustaqillik yillarida milliy urf-odatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish jarayonida ushbu qadimiy udumimiz yangicha mazmun-mohiyat kasb etmoqda. Bayramlarimiz arafasida umumxalq hashari o‘tkazish orqali yurtimizning barcha go‘shalarini obodonlashtirish, bog‘lar, yashil hududlarni kengaytirish ishlari amalga oshirilayotir. Mahallalarda zamonaviy bolalar o‘yin maydonchalari, sport-sog‘lomlashtirish maskanlari barpo etilmoqda, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.