2015 yil 27-31 iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Chanchun shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan matematika bo‘yicha xalqaro musobaqasida vakillarimiz munosib ishtirok etib, jahonning 29 davlatidan kelgan 627 nafari iqtidorli tengdoshi orasida umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani buning yorqin isbotidir. Yakkalik bahslarda Kattaqo‘rg’on shahridagi 17-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Jahongir To‘rayev va Qorako‘l tumanidagi 1- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Abbos Sayliyev kumush medalini qo‘lga kiritdi. Qolgan ikki nafar vakilimiz- Qarshi shahridagi 2- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining 7-sinf o‘quvchisi Saydali Murodillayev va Mirzo Ulug’bek tumanidangi 50- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Robert Chesnov faol ishtiroki uchun faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
-Musobaqada dunyoning ko‘plav mamlakatlaridan kelgan tengdoshlarimiz bilan bahsga kirishganimizda sira qiyinchilikka duch kelmadik. Musobaqa tartibi ingliz tilida e’lon qilingan bo‘lsada, maktabimizda chet tillarni chuqur o‘rganganimiz bois tarjimonga muhtojlik sezmadik. Biz u yerda O‘zbekiston o‘g‘il-qizlarning aql-zakovatda hech kimdan kam emasligini ko‘rsatishga, Yurtboshimizning biz, yoshlarga bildirgan ishonchini oqlashga intildik. Butun bellashuv davomida jamoamiz bilan ota-onamiz, ustozlarimiz, xalqimiz bizdan katta natijalarni kutayotganini his qildik. Bugun ularning yuz-ko‘ziga boqib, erishgan yutuqlarimiz ularni bizdan ko‘ra yuz chandon hursand qilganini ko‘ryapmiz. Kelgusida bundanda katta muvofaqqiyatlarga erishish uchun kuch-g’ayratimizni ayamaymiz,- deydi Jahongir To‘rayev.
Shu yilning 27 iyul – 2 avgust kunlari Bolgariyaning Vlagoyevgrad shahrida talabalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan matematika fani bo‘yicha 22-Xalqaro olimpiadada ishtorok etgan hamyurtlarimiz eng ulug’, eng aziz bayramimiz- mamlakatimizning mustaqilligining 24 yillik to‘yiga to‘yona bilan qaytishdi. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti jamoasi a’zolari-mexanika-matematika fakulteti 2-kurs talabasi Hakimboy Egamberganov oltin, 3-kurs talabasi Behzod Qurbonboyev kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu olimpiadada 50 dan ortiq davlatning 75 universitetidan jami 324 nafar talaba ishtirok etdi. Musobaqa 2 kun davom etdi. Har kuni 5 tadan masala taqdim etildi. Hammasi ko‘ngildagidek ketayotgandi. Ammo Hakimboyning kombinatirikaga oid masalasiga hakamlar tomonidan nol ball qo‘yiganligi ishtirokchilarni ajablantirdi. Lekin, to‘g‘ri yechganligi o‘ziga bo‘lgan ishonchi yaqqol aks etib turardi. Apellyasiya natijasiga ko‘ra, masala to‘g‘ri yechilganligi, yechimga shu qadar fanda qo‘llanilmagan yangicha usulda yondashilganligi isbotlandi.
Ha, xalqimiz bejiz, "Aql yoshda emas, boshda” deyishmagan. Erishilgan natijalardan so‘ng, olimpiada tashkilotchilari bizning yurtimizdagi ta’lim tizimi,yoshlarga e’tibor, matematika faninig o‘qitilishi kabi turli masalalar bilan qiziqib qoldilar. Davlatimizning yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim-tarbiya berish,o‘qib-o‘rganishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi mehnatlari o‘z samarasini berayotganini, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi yana bir karra o‘z tasdig’ini topdi.