gurlan41.uz

«Kuch bilim va tafakkurda.»
I. A. Karimov
» » To`kis sharoit yangi imkoniyatlarga eshik ochdi. Maktabga e’tibor – kelajakka e’tibor

To`kis sharoit yangi imkoniyatlarga eshik ochdi. Maktabga e’tibor – kelajakka e’tibor

    Ta’lim maskanidagi zamonaviy shart-sharoitlar o`qituvchi va o`quvchilarni yangi maqsadlar asri ruhlantiradi. Gurlan tumanidagi 41-umumiy o`rta ta’lim maktabi ham kapital ta’mirlash ishlaridan so`ng zamonaviy o`quv dargohiga aylandi. 29 nafar pedagog xodim va 271 nafar o`quvchidan iborat ahil jamoa yangi o`quv yilini zo`r ishtiyoq va ko`tarinki kayfiyatda boshlagani o`tgan choraklar davomida o`quvchilarning o`zlashtirish samaradorligi oshishida muhim omil bo`ldi. Yangi binoda yaratilgan sharoitlarning ta`lim-tarbiya sifatiga ta`siri tez orada yaqqol ko`zga ko`rina boshladi.

 

-Maktabimiz binosi 1990-yilda qurilgan edi,- deydi maktab direktorining ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari Bahodir Kenjayev. – Ta`mirdan oldin sinfxonalar sovuq, zamon talablariga javob bermaydigan darajaga tushib qolgandi. Jismoniy tarbiya darslari sport zali bo`lmaganligi bois ko`ngildagidek tashkil etilmasdi. Kapital ta`mirlash ishlaridan so`ng muassasamiz tanib bo`lmas darajada ko`rkam ko`rinish kasb etdi. Qozonxona yangidan qurilgani bois eski qozonxona va foydalanishga yaroqsiz omborxona loyihaga qo`shimcha ravishda kapital ta`mirdan chiqarilib, sinfxonalar soni ko`paytirildi.

Binoni ko`zdan kechirib, bugungi kun o`quvchilariga havas qiladi kishi. Xonalar issiq, yorug`. Chiroyli va shinam jihozlangan. Bu yerda nimaiki mavjud bo`lsa, hammasi o`quv tarbiya jarayonining samaradorligi uchun xizmat qiladi. Obod va ko`rkam binoda o`qituvchi va o`quvchilarning kayfiyatiga monand shijoatiga ham shijoat qo`shilaverar ekan.

-Maktabmizda  bilimga chanqoq o`quvchilar juda ko`p,- deydi 8-sinf o`quvchisi Lobar Boboxo`jayeva.- Viloyat va respublika miqyosidagi tanlovlarda faxrli o`rinlarni egallab kelmoqdamiz. Ilgari sharoitlar yetarli bo`lmagani uchun o`z iqtidorimizni to`la namoyon etolmasdik. Masalan, o`quv-laboratoriya xonalarimiz yo`q edi. O`qituvchilarimiz qishda bizlarga qalin kiyimda o`tirishga ruxsat berishardi. Qalin kiyimlarda partalarda o`tirish, yozish, erkin harakatlanish juda noqulay bo`lardi. Bugun chuqur bilim olishimiz uchun hamma imkoniyatlar mavjud. Endilikda viloyat, respublika miqyosidagi g`alabalarimiz bilan cheklanib qolmasdan, jahon olimpiadalarida o`z bilimlarimizni sinab ko`rishni oldimizga maqsad qilayapmiz.

- Yangi qiyofadagi ta`lim dargohimizga ilk bor qadam qo`yganimda quvonchdan hamma xonalarga birma-bir kirib chiqdim,- deydi 9-sinf o`quvchisi Madina Jumaboyeva.- Zamonaviy ta`lim talablariga javob bera oladigan maktab har bir o`quvchining faoliyatida ijobiy o`zgarishlarga turtki bo`layapti. Jumladan, men uchun ham yangi o`quv yilining dastlabki oylari muaffaqiyatlarga boy bo`ldi. Joriy yilda iqtidorli o`quvchilar o`rtasida o`tkazilgan respublika tanlovida yozgan hikoyam bilan ishtirok etib, 2-o`rinni egalladim.

Ilgari maktabning sport zali mavjud emasdi. O`quvchilar boshqa maktablarga borib, musobaqalarga qatnashish chog`ida u yerda sport mashg`ulotlari uchun yaratilgan sharoitlarni ko`rib havas qilishardi. Shu yilning fevral oyida qurilishi boshlangan sport zali avgust oyida yakunlandi. Bugun eng zamonaviy talablarga javob beradigan sport zali va undagi  anjomlarning barchasi bolalar ixtiyorida. O`quvchilar minnatdor bo`lgan holda mashg`ulotlarda faol qatnashib, sport bilan muntazam shug`ullanishga kirishib ketdilar.

-Ta`lim jarayonida yuqori samaradorlikka erishish uchun, albatta, yaxshi sharoit juda muhim,-deydi maktab direktori Shuhrat Jumatov.- Kapital ta`mirdan keyin maktabimizda ko`p o`zgarishlar sodir bo`ldi. Avvalo o`qituvchilarning o`z ishiga yanada mehr bilan yondashayotganining guvohi bo`layapman. Darsda AKT dan foydalanish imkoniyati kengayishi natijasida ular har bir darsga yangicha izlanishlar bilan kirib kelmoqda. Tabiiyki, bu o`quvchilarning ham o`qishga qiziqishini orttiradi. Sport va sog`lomlashtirish ishlari, fan va sport to`garaklari faoliyati yanada jonlandi. Bizda darsdan keyin ham reja asosida mustaqil mashg`ulotlar o`tkaziladi. O`quvchilar qiziqqan fani bo`yicha o`qituvchidan mustaqil saboq oladilar. Ilgari qish kunlari xonalarimiz sovuq bo`lganidan o`quvchilar soni oz, mashg`ulotlar qisqa bo`lardi. Endilikda ta`lim dargohimiz tongdan kun botgunga qadar o`qituvchi va o`quvchilar bilan gavjum. Ta`lim-tarbiya, izlanish jarayoni esa to`xtovsiz ravishda davom etmoqda.   

 Mahmud Rajabov, " Ma’rifat” muhbiri  

Ushbu maqola "Ma’rifat” gazetasining 2016-yil 3-dekabr, shanba № 97 (8954) sonidan olindi.

 

Kalit so'zlar:
Maktabimiz faxrimiz
Gurlan tumanidagi 41-son U.O`.T. maktabi.

Ko'p o'qilgan

Декабрь 2024 (3)
Ноябрь 2024 (1)
Октябрь 2024 (4)
Июнь 2024 (1)
Октябрь 2023 (2)
Сентябрь 2023 (2)

So'rovnoma

Qaysi fanlarga ko'proq qiziqarli? [?]