Matematika fanidan ,,Bilimlar bellashuvi’’ tuman, viloyat bosqichlarida ishtirok etib, faxrli o`rinlarni qo`lga kiritishimda ushbu masalalarni yechishda bo`lgan bilim va tajribam asosiy tayanch bo`ldi. Bunday bilimga ega bo`lishimga eng avvalo ne-ne buyuk daholarni olam ahliga taqdim etgan O`ZBEKISTONdek mustaqil davlatda yaratilgan imkoniyatlar asosiy sababdir. Al-Xorazmiy, Al-Beruniy, Al-Farg`oniy kabi buyuk zotlar vatanida tug`ilganim mening eng katta baxtim deb bilaman.
Men tuman, viloyat miqyosidagi tanlovlar g`olibi bo`lishimga asosiy sabab tizimli va uzluksiz ravishda olib borilgan tayyorgarlik jarayonidir. Qolaversa, maktabimizda tashkil etilgan to`garak mashg`ulotlariga muntazam ravishda qatnashish, o`z fikr va mulohazalarimni tengdoshlarim bilan muzokara jarayonida yanada sayqallanganidir. To`garak mashg`ulotlari ustozim Kenjayev Bahodir tomonidan olib boriladi. Bu jarayonda men ustozimning bilim va tajribasidan andoza olishga harakat qilaman.
Kelajakdagi orzuim ustozim kabi matematika o`qituvchisi bo`lib, yurtimiz yoshlariga ajoyib fan saboqlarini berish. Matematika fanining rivojiga, o`quvchilar qiziqishini ushbu fanga nisbatan ortishiga hissa qo`shish. Eng asosiysi, Al-Xorazmiy bobomizga munosib farzand bo`lishdir.
Men kabi yuksak marralarni zabt etishni niyat qilgan yosh matematiklarga ushbu qo`llanma bilan tanishib chiqishni tavsiya qilaman.Ushbu qo`llanma bilan tanishib chiqqan har bir inson matematika fanining jozibasini teranroq anglaydi va fanga nisbatan qiziqishi ortadi deb o`ylayman.