Barhayot siymolar
Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 41-maktabda "Alisher Navoiy – so`z san’atining sultoni” mavzusida adabiy kecha o`tkazildi. Maktabning 7 – 8-sinf o`quvchilari mutafakkir shoirning g`azal, ruboiy va tuyuqlaridan namunalar o`qib, ularda ilgari surilgan insonparvarlik g`oyalarining bugungi kundagi ahamiyati haqida aytib o`tdilar.
"Navoiy mavlono Lutfiy huzurida”, "Navoiy va Darveshali suhbati” mavzularidagi sahna ko`rinishlarida Navoiyning bolaligida yozgan she’ri ustozi Lutfiy tomonidan yuksak baholanishi yoki ukasi Darveshaliga yurt obodligi, ilm-fan rivoji yo`lida ko`p ishlarni amalga oshirish orzusi borligi haqidagi so`zlari o`quvchilar tomonidan samimiy yetkazilgani yig`ilganlarda chuqur taassurot qoldirdi.
"Navoiy XX va XXI asr olim va yozuvchilari talqinida” mavzusidagi ma’ruzada mutafakkir ijodi bo`yicha tadqiqot olib borgan olimlar va ijodkorlar fikrlaridan iqtiboslar keltirilib, ushbu tadqiqotlarning ahamiyati xususida mulohaza yuritildi.
Mahmud Rajabov, "Ma’rifat” muxbiri
"Ma’rifat” gazetasi 2015 yil 14-fevral, shanba № 13 (8766) sonidan olindi.