Maktabimizda bugun soat 10:00 dan 10:45 gacha ota – onalar yig`ilishi o`tkazildi. Yig`ilishda 87 nafar ota – ona, 19 nafar o`qituvchi, 11 nafar ishchi-xizmatchi qatnashdi. Yig`ilishda ko`rilgan asosiy masala: "Maktab kapital ta’mirlashga tushgani sababli maktab o`quvchilari 2015 – 2016 – o`quv yilining qolgan davrida o`qishlarini qo`shni 29-maktab binosida maktabimiz o`quvchilari uchun ajratilgan xonalarda davom ettirishi va bunda o`quvchilar, ota – onalar bilishi kerak bo`lgan jihatlar haqida ” . Maktab direktori Shuhrat Jumatov maktabimiz ta’miri uchun davlat byudjetidan 520 million so`m, sport zal qurilishi uchun 780 million so`m ajratilganini va bu maktab ta’miri shu haftada, sport zal qurilishi yaqin kunlar ichida boshlanishi, shu sababli maktabimiz o`quvchilari qo`shni maktabda ikki smenada o`qitilishini ta’kidladi. O`quvchilar bu holatga ko`nikkuncha ota-onalar farzandlarini belgilangan vaqtga maktabga olib borishlari va qaytishda olib qaytishlari kerakligini, har bir o`quvchida maktabga borib-kelish yo`l xaritalari bo`lishi kerakligini aytib, o`quvchilarning yo`l harakati qoidalariga rioya qilishi, qo`shni maktab o`quvchilari bilan konfliktga bormasligi uchun ota-onalar ham zarur tushuntirish ishlarini olib borishlari kerakligi haqida gapirib o`tdi. "Nukus” mahalla fuqarolar yig`ini raisi Gulmirza Jumaniyazov maktab pedagog kadrlar salohiyatiga katta baho berib,maktabda yoshlarga tajribali ustozlar bilan bir qatorda yosh, izlanuvchan, shijoatli o`qituvchilar ham ta’lim-tarbiya berib kelayotgani, maktabning zamon talablari darajasida ta’mirdan chiqishi maktab o`qituvchilarining gayratiga g`ayrat qo`shib yanada fidokorona mehnat qilishlariga , 12 m X 24m o`chamli sport zal qurilishi farzandlarimizning sport bilan muntazam shug`ullanishlari, ya’ni sog`lom, baquvvat bo`lib rivojlanishlariga zamin yaratishini ,ushbu qurilishlar natijasida mahalla yoshlaridan ko`plari ma’lum muddat ish bilan ta’minlanishini ta’kidladi. Ota-onalar tomonidan berilgan savollar farzandlarimizni qo`shni maktabda qaysi maktab o`qituvchilari o`qitadi ?, ushbu qurilishda ishlash istagini bildirganlar kimga ishga qabul bo`yicha murojaat qilishlari kerak ? kabi bo`lib bu savollarga rahbarlar tegishlicha javob qaytardilar. Yig`ilish yakunida yoshi ulug` otaxonlar, yosh tadbirkor ota-onalar ta’mir davrida qanday yordam kerak bo`lsa tayyor ekanligini aytdilar. Shunday qilib bugun 2016 yil 4-fevral kunidan maktabimiz o`quvchilari vaqtinchalik 29-maktab binosida o`qishlarini davom ettirmoqdalar. O`ylaymizki, bu davrda ustozlarimiz ham, o`quvchilarimiz ham sustkashlikka yo`l qo`ymay o`z oldilariga qo`yilgan vazifalarni vijdonan bajaradilar.