"Mustaqillik madhi bolalar ijodida”
Respublika ijodiy ishlar ko`rik-tanlovi she’riyat yo`nalishi
Qiyosi yo`q
Xayollar ummonin suzib o`tganda,
Bir makon o`ziga chorlaydi meni.
Odamlar bu yerga ilhaq boqqanda,
Ajab, makon yo`lim poylaydi meni.
Bu makon nomini bilmoq istadim,
Qiziqib uni bir ko`rmoq istadim.
Ko`ngil nimalarni tusamas deysiz,
Hatto unda umrbod qolmoq istadim.
Keyin keldi menga sabodan xabar,
Bu makon nomini "Tinchlik” demishlar.
Unga har kimlar ham qo`ymaydi qadam,
Lek uni har kimlar orzu qilmishlar.
Yurakda g`alayon boshlandi keyin,
Nega u makon meni tortdi o`ziga.
Nega shu payt boshqa insonlar lekin,
Shu yerga kelar-u qaytar iziga.
Negaki bu makon Alloh tuhfasi,
Xayollar ummoni sohiblariga.
Shu yerdagi hamma mehnatsevar-u,
Shu yerning har bitta kosiblariga.
Yana savol bo`ldi menda shu zamon,
Nechun nahaglar ham chetlar u yerni?
Nega qaroqchilar qilishmay makon,
Orzu qilib ketar shundayin yerni.
Xayol ummonida ikki yuz saltanat
Mavjuddir yana shu makondan boshqa.
Qiziq-a nega aynan shu makon,
Boshqasidan ko`proq yoqar quyoshga.
Tunlari oymomo ketolmay halak,
Bu makon yonidan qoshidan aslo.
Suv quyib, qo`shig`in aytsa charxpalak,
Dunyoni qoplaydi bir ajib navo.
Oxir toqat tugab bordim u yerga
Shukr ! makon meni qabul ayladi.
Ko`rdim-u tilim lol,kelmay kalovga,
Bu makon o`ziga ipsiz boyladi.
Qarasam bir yonda ko`rkam binolar,
Bir yonda ajoyib chorbog`lari bor.
Dilingni quvnatar go`zal favvora.
Barchasi ham ajib, sirli ,betakror.
Insonlarin ko`rib, tanishish uchun
Yana safarimni davom ettirdim.
Bozorlarda o`tdi o`sha bir kunim,
U yerda ham ajib narsalar ko`rdim.
Aytsam, insonlari juda ham ahil,
Shirinso`z, labida tomib turar bol.
Judayam havasim keldi ularga,
Ularga yor ekan har dam baxt-iqbol.
Yigitlari alpqomat, mardi-maydondir,
Xo`p mergan, mohirdir minganida ot.
Qizlari ham go`zal, gulgun yuzlari
Olovlikda olmani qiladilar mot.
Vodiy.
Tog`ga borib ovoz bergandim, ammo,
Ovozim qaytmadi, boshqa bir nido.
Yana qaytarildi o`sha ovozda
,,Qizim, turaqolgin yorishdi dunyo.’’
Qarasam, qoshimda turibdi onam,
Xayollarim qilibdi meni parishon.
O`zimga kelib so`ng chiqdim hovliga,
Ifor taratardi bir sada rayhon.
Tushimda nimani ko`rdim o`zi men?
Axir shunday makon bormi dunyoda.
Keyin aql bilan hamsuhbat bo`ldim,
Bor ekan shunday joy, undan ziyoda.
Aqlning gaplarin eshitgan chog`im
Urishdim, tergadim o`zimni-o`zim.
Ortiq bo`lsa borki o`sha joylardan,
Lekin qolishmaydi mustaqil yurtim!
To`g`rida u yerning ta’riflarini,
Bersam oz bo`ladi ona- Vatanga.
Axir kimlar uni qilmaydi orzu,
Kim ham havas qilmas O`znekistonga.
Bildim, o`sha makon O`zbekistonim,
Xayolimda yurtim akslanar shundoq.
Lekin xayollarim ojizlik qildi,
Vatan go`zalligi undan ustunroq.
Yurtimning bu gullab-yashnaganida,
Mustaqillik o`rni bo`lakcha albat.
Agar bo`lmasaydi istiqlol yurtda,
Xalqimni tark etmas edi-ku g`urbat.
Har bir sohada bo`y ko`rsatdi tinchlik,
Tibbiyot, san’at-u hamda ta’limda.
Hali bu natijalar hech narsa emas,
Yuksalish kunlari kelar oldinda.
Kimga ne kerakdir topilgay imkon,
O`zi harakatda bo`lsa har zamon,
Vatanin nomini dunyoga yoygan,
Chog`ida qalbida jo`sh urar ummon.
Yoshlar o`qimoqni qilsalar niyat,
Hatto Amerika ochadi quchoq.
Mustaqillik erur ularga tirgak ,
Mustaqil Vatanda yoniqdir chiroq.
Ta’riflarga tilim ojizdir aytsam,
Qalamimdan tomgan siyohlarim kam.
Mustaqil yurtimda har lahza har on,
Qalbimga chuqurroq singadi Vatan.
O`sha jannatlarga qiyossan, yutim,
Nafaqat qiyossan, ortiqroqsan Sen.
Umrim yetmas seni ta’riflamoq-chun,
Shunda ham o`zimni bag`ishlayman men.
Ummon bo`lsang seni suyay baliqdek,
Gar sen sahro bo`lsang bo`layin yantoq.
Yurtim, sening mustaqilliging,
Tinchligingga shukrlar bo`lsin ko`zmunchoq!
"Mustaqillik madhi bolalar ijodida”
Respublika ijodiy ishlar ko`rik-tanlovi hikoya yo`nalishi
Shukr qiling
Yoz kunlari edi. Biz bog`da olma terib yurardik. Bobom bizga olmalarni qanday joylashni o`rgatardi. Bir payt bog`ga bobomning do`sti Nusrat bobo kelib qoldi. Biz bilan quyuq so`rashdi. Bobom bilan quchoq ochib ko`rishdi. Bu kishi o`zini juda oldirib qo`ygan, ajin tushgan yuzlarida boshqacha samimiylik aks etgan, doim kulib yursalarda, ko`zlarida qandaydir g`amginlik aks etgan edi. Sababi uning ayoli erta hayotdan ko`z yumgan, keyin uni unutolmay, boshqa oila qurmagan ekan. Hozir ham yolg`iz o`g`li bilan yashar ekan. Buni buvimlarning gapidan eshitganman:
- "Rahmatli Zarifa ajoyib ayol edi. O`sha zamonda ham hozirgidek tibbiyotda ko`plab imkoniyatlar mavjud bo`lganda edi…
O`tgan asrning 80-yillari… Nusrat aka bilan Zarifaga xudo nasib qilib farzandli bo`lish arafasida edilar. Taqdir taqazosini qarangki, oy kuni yetmasdan Zarifa kasalxonaga tushib qoldi. Vrachlarning aytishicha uning qoni juda kamayib ketgan, buning ustiga kerakli vitaminlar qabul qilmagan.
3-aprel. Erta tong. Zarifa ingray boshladi. Uning joniga shu qadar og`riq kirgan ediki, u bunga chiday olmasdi. Shifokorlar darhol yig`ilishdi. Ularning ham boshi xam edi. Negaki, kerakli qon guruhiga mos qon tezroq topilmasa va bemor tezroq operatsiya qilinmasa bola ham ona ham halok bo`lishi mumkin. Shunda tezroq buni amalga oshirish, qon keltirib operatsiyani o`tkazish kerak edi dersiz. Hamma gap ham shunda-da. U paytlar qon topishning o`zi mushkul edi, buning ustiga Zarifaning qon guruhi juda kam uchraydi.
Hamma ojiz. Achinarli holat… Shifokor bo`lsang-u o`lim to`shagida yotgan bemorga yordam bera olmasang. Ona bo`lsang-u o`lim bilan olishayotgan jigarbandingni bu azoblardan qutqara olmasang. Umr yo`ldoshidek nomga sazovor bo`lsang-u, baxtini baham ko`rgan insoningning dardiga sherik bo`lolmasang, g`amini arita olmasang.
Zarifaning hamma yaqinlari faqat duo qilishdan boshqa narsaga qodir emas edilar. Shifokorlarning xayolida shu o`y : ,,Bemorni zamonaviy jarrohlik amaliyotida operatsiya qilsak, oilasiga sog`- omon borsa. Qaniydi shuning iloji bo`lsa”. Ha qaniydi iloji bo`lsa…
Zarifa ham endi o`lishini bilib turardi, umid qolmagan edi. Shifokorlar oxirgi chorani qo`llashmoqchi. Hech bo`lmasa bolani asrab qolish kerak.Shifokorlar o`zlarida bor ko`nikma va jihozlar bilan operatsiyani o`tkazishmoqchi.Zarifani operatsiyaga olib kirishayotganda, Nusrat bilan onasi uni xuddi oxirgi marta ko`rishayotgandek to`yib-to`yib qarashardi,chunki, Zarifani qayta ko`rish gumon edi.
Operatsiya boshlandi. Oradan 8 soat vaqt o`tdi.Shifokor yuzida mamnunlik bilan Nusrat aka tomon kelardi.
-Ahvoli qalay ?,-xavotirlanib so`radi Nusrat,ilhaq boqdi onasi.
-Bola yaxshi, ona ham tirik. Ammo tezroq qon quymasak, ayolingizdan ajrab qolishingiz mumkin.
Nusrat bilan onasining ko`ngli biroz yorishganday bo`ldi,ularda yana umid paydo bo`ldi.Qon topish ilinjida yana harakatga tushdilar. Aksiga olib na onasining , na Nusratning qon guruhi Zarifanikiga to`g`ri kelardi. Oradan 3,5 soat vaqt o`tdi.Shifokor Zarifa ularni chaqirayotganini ma’lum qildi. Ular birin- ketin Zarifaning yoniga kirishdi. Zarifa bir ahvol bo`lib qolgan, ovozi ham arang eshitilardi.
-Men hali o`lmayman, hali yurtimiz mustaqil bo`lib, ozod yurtda o`ynab-kulib yuramiz,farzandlarimizga to`ylar qilamiz.Ha, yuragim sezib turibdi,shu kunlarga oz qoldi, oz qoldi…
Shifokor Zarifaning ochiq qolgan ko`zlarini yumarkan, shifokor bo`lganiga, insonlarning shu qadar ilojsizligiga, sharoit yetishmaganidan yana bir yosh jon nobud bo`lganiga achindi. U shu o`rinda bemorlarni davolash uchun faqat tajriba emas, balki sharoit ham zarurligiga yana bir karra amin bo`ldi.
Endi Nusrat bilan onasining qalb kechinmalarini tasavvur qilavering. Ular bolaga Yodgor deb ism qo`yishdi.
Oradan 20 yil o`tdi.Xuddi Zarifa aytganidek yurtimiz mustaqil bo`ldi. Barcha sharoitlar yaratildi. Mana Yodgorjon ham mustaqillik sharofati bilan Oksfordda o`qiyapti. "Buvimning hikoyasi shukrona aytish va shu kabi fikrlar bilan nihoya topdi.
Oradan oylar o`tib, bu gaplar esimdan ham chiqib ketgan edi.
Qish edi.Akamning boshi ko`p og`riydigan bo`lib qoldi. Kundan-kunga lanilanib,ishtahasi yo`qolib borardi. Hammamiz xavotirlana boshladik. Shifokor huzuriga borishsa, akamning qoni kamayib ketganini, tezda qon quyish kerakligini aytibdi. Bu xabarni eshitib darrov Zarifa aya voqeasi esimga tushdi. Nahotki… Yo`g`-e, bo`lishi mumkin emas.
Darhol viloyatdagiqon markaziga xabar berdik. 10 daqiqa o`tgach, qonni olib kelishdi.,,Xayriyat’’ dedik. Mening ham ko`nglim ko`tarilib ketdi. Chunki Zarifa aya voqeasining takrorlanishidan qo`rqqan edim. Shu o`rinda bir narsani esdan chiqarganimga o`zimni koyiyman. Axir u paytlar hozirgidek imkoniyatlar yo`q edi-ku. Shularni anglab , bugungi hayotimizga shukr qildik, shu sharoitlarga shukr qildik,mustaqilligimizga, osmonimiz musaffo, yurtimiz tinchligiga shukr qildik.Mana oradan 7yil o`tdi. Akam sog`ayib ketdi . Oila qurib , qiz farzandli bo`lishdi. Hammamiz bir ovozdan jiyanimning ismini Shukrona qo`ydik. Hozir ham yurtimiz tinchligiga shukr qilib yashayapmiz.
Aziz yurtdoshlar, siz ham har bir otgan tongingiz uchun, mustaqil va tinch yurtda ottirgan tongingiz uchun shukr qiling. Zero, dunyoning qaysidir chekkasida urushlar olovida qaysidir xalq yonayotgan paytda Alloh sizga shunday go`zal , tinch yurtda oilangiz bag`rida hotirjam yashashni ravo qilganiga shukr qiling.
Vatanimizning tinchligi va obodligi yo`lida xizmat qilib yashaylik.Shuni doim yodda saqlaylikki,biz ozod Vatanning farzandlarimiz. Alloh bizga shunday baxt in’om etganki, qaysidir tengdoshlarimiz urushlar iskanjasida qiynalayotgan vaqtda biz chet ellarda o`qish imkoniga egamiz. Shu kunlarga shukr qilaylik.Bobo- buvilarimiz bekorga duoga qo`l ochib, "Mustaqilligimiz abadiy bo`lsin, tinchligimizga ko`z tegmasin”’,deyishmaydi. Biz ham shunga odatlanaylik. Shu kunlar qadriga yetib yashaylik, shukr qilaylik, shukrona aylaylik!
Ortda qoldi og`ir kunlar, boshlandi yangi zamon,
Alloh sizga birni bersa, fikr qiling.
Kimdir qayerlarda qon to`kar hamon,
Siz ozod yurtdasiz, xo`p SHUKR QILING!
/div