Maktabimizda Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1042 yilligi munosabati bilan "Beruniy bobomizni yod etib…” mavzusida ertalik o`tkazildi.
Tadbirni geografiya fani o’qituvchisi, maktab xotin-qizlar qo`mitasi raisi Feruza Allaberganova ochib, sentabr oyi – geografiya, iqtisod fanlari oyligi ekanligini yana bir bora eslatib, geografiya fani rivojiga o`zining munosib hissasini qo`shgan Beruniy bobomiz haqida umumiy ma’lumotlar berib o’tdi.
Tadbir davomida 8-sinf o’quvchilari Xaytboyeva Shahodat, Jumaboyeva Madina, Jumaboyeva Arjumand Beruniy bobomizning hayoti va ijodi haqida, jahon ilmu - faniga qo’shgan hissasi haqida ma’lumot berib o’tishdi. Jumladan: "Abu Rayhon Beruniy (973-1048) Ma’mun akademiyasining yetuk olimi, ajoyib rahbari va mohir tashkilotchilaridan biri bo`lgan. Beruniy butun umri davomida turli ilmlarga doir 152 ta bebaho asar yozib qoldirgan, shulardan bizgacha 30 ga yaqini yetib kelgan, xolos. Beruniy qalamiga mansub asarlarning 70 tasi astronomiyaga, 20 tasi matematikaga, 12 tasi geografiya va fizikaga, qolganlari minerologiya, geodeziya, tibbiyot, botanika, tarix, falsafa, adabiyot, etnografiya va boshqa fanlarga aloqador. Shulardan "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, "Hindiston”, "Minerologiya”, "Geodeziya”, "Qonuni Ma’sudiy”, "Saydana” va boshqa asarlari olimga o`z zamonasida ulkan shuhrat keltirgan edi. Rus sharqshunos olimi, akademik S. P. Tolstov ta’biri bilan aytganda, ulug` bunyodkor Beruniy fanning bir qator hal qiluvchi masalalarida o`z davridan besh yuz yil, balki undan ham oldinga ketgan. Beruniy yevropalik mashhur olimlardan Kopernik, Galiley va Keplerdan deyarli olti asr burun yerning o`z o`qi atrofida aylanishi haqida fikr yuritdi. Shuningdek, Beruniyning yerning dumaloq shaklda ekanligi, jismlarning yer markaziga tortilib turishi haqidagi g`oyalari ham fan olamida buyuk kashfiyotlardan edi. Ushbu g`oyalar yevropalik buyuk sayohatchi Magellan hamda fizik olim Isak Nyuton ta’limotidan 5-6 asr oldin aytilgan ilg`or fikrlar edi. U o`zining geografiyaga oid tadqiqotlarida yetti iqlim bo`yicha joylashgan mamlakatlar, dengiz va orollarning aniq koordinatalarini ko`rsatib berdi, dunyoning eng mukammal xaritasini ishlab chiqdi. O`zi yaratgan astronomic asboblar yordamida yer sharining o`ziga xos shakli-globusni kashf qildiki, bu insoniyat tarixida yaratilgan buyuk ixtirolardan edi. Yevropalik mashhur sayyoh Xristofor Kolumbdan besh asr avval Tinch okeanining narigi tomonida bizga noma’lum bo`lgan yirik quruqlik – Amerika qit’asi mavjudligini ilmiy bashorat qildi…”.
Tadbir yakunida o`quvchilarga Abu Rayhon Beruniydek bobolarimiz bilan nafaqat faxrlanishimiz, balki ularga munosib farzandlar bo`lib, ilmu – odobda dunyo hamjamiyati ichra yurtimiz obro`- e’tiborini yuksaltirishimiz kerakligi aytilib tadbir yakunlandi.