gurlan41.uz

«Kuch bilim va tafakkurda.»
I. A. Karimov
» » Yozgi ta'til davrida huquqiy savodxonligimizni oshiraylik ! (№ O’RQ-371, davomi)

Yozgi ta'til davrida huquqiy savodxonligimizni oshiraylik ! (№ O’RQ-371, davomi)

4-BOB. HUQUQBUZARLIKLARNING MAXSUS PROFILAKTIKASI

24-modda. Huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasi va uni amalga oshirish asoslari

25-modda. Ilgari sudlangan shaxslar o’rtasida huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasi

chora-tadbirlari

26-modda. Alkogolni suiiste’mol qiluvchi yoki giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qiluvchi shaxslar o’rtasida huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasi chora-tadbirlari

27-modda. Voyaga yetmaganlar o’rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi

 24-modda. Huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasi va uni amalga oshirish asoslari

Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalarning ayrim turdagi huquqbuzarliklar profilaktikasiga, bu turdagi huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga, ayrim toifadagi shaxslarni aniqlash va ularga profilaktik ta’sir ko’rsatishga qaratilgan maxsus tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga doir faoliyati huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasidir.

Huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasini amalga oshirish uchun quyidagilar asos bo’ladi:

ayrim turdagi huquqbuzarliklarning, shaxslar toifalarining ko’payishi;

jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga, shaxs, jamiyat va davlat manfaatlariga tajovuz qiluvchi xatarlar va tahdidlarning yuzaga kelishi.

25-modda. Ilgari sudlangan shaxslar o’rtasida  huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasi chora-tadbirlari

Ilgari sudlangan shaxslar o’rtasida huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasi chora-tadbirlari quyidagilardan iborat:

jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog’liq bo’lmagan jazoga hukm qilingan shaxslar o’rtasida huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini hamda shart-sharoitlarini aniqlash, bartaraf etish;

jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog’liq bo’lmagan jazoga hukm qilingan shaxslar o’rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’yicha maxsus tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o’tayotgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilishga va ijtimoiy moslashtirishga tayyorlash bo’yicha maxsus tadbirlarni amalga oshirish;

jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish bo’yicha chora-tadbirlarni tashkil etish hamda amalga oshirish;

jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o’rinlarini tashkil etayotgan tashkilotlarni rag’batlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish.

Ilgari sudlangan shaxslar o’rtasida huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ham o’z ichiga olishi mumkin.

26-modda. Alkogolni suiiste’mol qiluvchi yoki giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qiluvchi shaxslar o’rtasida huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasi chora-tadbirlari

Alkogolni suiiste’mol qiluvchi yoki giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qiluvchi shaxslar o’rtasida huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasi chora-tadbirlari quyidagilardan iborat:

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning qonunga xilof ravishda muomalada bo’lishining, ular iste’mol qilinishining, shuningdek alkogol va tamaki mahsulotlari qonunga xilof ravishda ishlab chiqarilishi hamda realizatsiya qilinishining oldini olish bo’yicha profilaktika tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

mastlik holatida, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida sodir etiladigan huquqbuzarliklarning sabablari va shart-sharoitlarining oldini olish, ularni aniqlash hamda bartaraf etish bo’yicha profilaktika tadbirlarini o’tkazish;

giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni saqlash, tashish, realizatsiya qilish va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.

Alkogolni suiiste’mol qiluvchi yoki giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qiluvchi shaxslar o’rtasida huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ham o’z ichiga olishi mumkin.

27-modda. Voyaga yetmaganlar o’rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi

Voyaga yetmaganlar o’rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi "Voyaga yetmaganlar o’rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

5-BOB.HUQUQBUZARLIKLARNING YAKKA TARTIBDAGI PROFILAKTIKASI

28-modda. Huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi, uni qo’llash shartlari va asoslari

29-modda. Huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari

30-modda. Profilaktika suhbati

31-modda. Rasmiy ogohlantirish

32-modda. Huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablari va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlar to’g’risida xabardor qilish

33-modda. Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlarini qo’llash

34-modda. Profilaktik hisobga olish

35-modda. O’ziga nisbatan profilaktik hisobga olish yuritiladigan shaxslar

36-modda. Shaxsni profilaktik hisobga qo’yish asoslari

37-modda. Shaxsni profilaktik hisobga qo’yish tartibi

38-modda. Shaxsni profilaktik hisobga olish muddati

39-modda. Shaxsni profilaktik hisobdan chiqarish asoslari

40-modda. Shaxsni majburiy davolanishga yuborish

41-modda. Ichki ishlar organlarining ma’muriy nazorati

42-modda. O’ziga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari qo’llanilayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlari

28-modda. Huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi, uni qo’llash shartlari va asoslari

Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalarning g’ayriijtimoiy xulq-atvorli, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo’lgan, huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni aniqlash, ularning hisobini yuritish va ularga tarbiyaviy ta’sir ko’rsatishga doir faoliyati huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasidir.

Huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi shaxsning, uning ijtimoiy muhitining o’ziga xos xususiyatlari, ijtimoiy-maishiy sharoitlari va turmush tarzi, shaxsning g’ayriijtimoiy xulq-atvorini, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligini, shuningdek sodir etilgan huquqbuzarlikning ijtimoiy xavflilik darajasini tavsiflovchi boshqa omillar hisobga olingan holda belgilanadi.

Huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasini qo’llash uchun shaxsning g’ayriijtimoiy xulq-atvori to’g’risida, uning huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi yoxud u huquqbuzarlik sodir etganligi haqida dalolat beruvchi ishonchli ma’lumotlarning mavjudligi asos bo’ladi.

Huquqbuzarliklarning majburlovchi va cheklovchi xususiyatdagi yakka tartibdagi profilaktikasi qonunda nazarda tutilgan asoslarda qo’llaniladi.

29-modda. Huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari

Huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari quyidagilardan iborat:

profilaktika suhbati;

rasmiy ogohlantirish;

huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablari va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlar to’g’risida xabardor qilish;

ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish;

profilaktik hisobga olish;

majburiy davolanishga yuborish;

ma’muriy nazorat.

Huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ham o’z ichiga olishi mumkin.

30-modda. Profilaktika suhbati

Profilaktika suhbati shaxsni jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishga ishontirishdan, g’ayriijtimoiy xulq-atvorning ijtimoiy va huquqiy oqibatlarini hamda huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikni tushuntirishdan iborat bo’ladi.

Profilaktika suhbati shaxsni profilaktik hisobga qo’yishda ham o’tkaziladi.

Profilaktika suhbati huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasaning huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirishga mas’ul bo’lgan vakili tomonidan o’tkaziladi.

Profilaktika suhbati huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasa joylashgan yerda, shuningdek shaxsning yashash, o’qish, ish joyida yoxud bevosita g’ayriijtimoiy xulq-atvor yoki huquqbuzarlik aniqlangan joyda o’tkaziladi.

Profilaktika suhbati davomida shaxsning o’ziga xos xususiyatlari, uning turmush tarzi va ijtimoiy-maishiy yashash sharoitlari, shuningdek g’ayriijtimoiy xulq-atvorning yoki sodir etilgan huquqbuzarlikning sabablari va shart-sharoitlari aniqlanadi.

Ilgari o’tkazilgan profilaktika suhbati ijobiy natija bermagan va shaxs g’ayriijtimoiy xulq-atvorni yoki huquqbuzarlik sodir etishga moyillikni davom ettirgan hollarda, unga nisbatan rasmiy ogohlantirish qo’llaniladi.

31-modda. Rasmiy ogohlantirish

Rasmiy ogohlantirish shaxsga uning g’ayriijtimoiy xulq-atvorni davom ettirishiga yo’l qo’yib bo’lmasligi to’g’risida yozma ravishda tushuntirishdan, shuningdek huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo’lgan shaxsni huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantirishdan iborat bo’ladi.

Rasmiy ogohlantirish huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasaning huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirishga mas’ul bo’lgan mansabdor shaxsi tomonidan chiqariladi hamda shaxsga imzo qo’ydirib e’lon qilinadi, u imzo qo’yishdan bosh tortgan taqdirda esa, rasmiy ogohlantirishga bu haqda yozib qo’yiladi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasaning huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirishga mas’ul bo’lgan mansabdor shaxsi rasmiy ogohlantirish chiqarilganligi to’g’risida u qaysi shaxsga e’lon qilingan bo’lsa, o’sha shaxsning ish (o’qish) joyidagi ish beruvchiga (ma’muriyatga) yoki yashash joyidagi fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organiga xabar qilishga haqli.

Rasmiy ogohlantirishning shakli O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

32-modda. Huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablari va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlar to’g’risida xabardor qilish

Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi yoki unda ishtirok etuvchi organ yoki muassasa, o’z vakolatlari doirasida, g’ayriijtimoiy xulq-atvorli shaxslar, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo’lgan, huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslar haqida ish (o’qish) joyidagi ish beruvchini (ma’muriyatni), yashash joyidagi fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organini g’ayriijtimoiy xulq-atvorning va sodir etilgan huquqbuzarlikning holatlarini, shuningdek ularga imkon berayotgan sabablar va shart-sharoitlarni ko’rsatgan holda xabardor qilishga haqli.

33-modda. Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlarini qo’llash

Huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilarga, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo’lgan, huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasa tomonidan qo’llaniladi.

34-modda. Profilaktik hisobga olish

Profilaktik hisobga olish ushbu Qonunning 35-moddasida nazarda tutilgan shaxslarga nisbatan ularning tuzalishi va takroran huquqbuzarlik sodir etishining oldini olish maqsadida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladigan profilaktika tadbirlari majmuidir.

Profilaktik hisobga olishni amalga oshirish tartibi va shartlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlarida belgilanadi.

35-modda. O’ziga nisbatan profilaktik hisobga olish yuritiladigan shaxslar

Profilaktik hisobga olish quyidagi shaxslarga nisbatan yuritiladi:

ilgari sudlanganlarga ular jinoiy jazoni o’taganidan so’ng, o’ziga nisbatan ma’muriy nazorat o’rnatilgan shaxslar bundan mustasno;

o’ziga nisbatan sudning jazo tayinlanmagan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan shaxslarga;

O’zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasigamuvofiq aybdorlik to’g’risidagi masala hal qilinmasdan turib o’ziga nisbatan jinoyat ishi tugatilgan yoxud reabilitatsiya qilmaydigan asoslar bo’yicha jinoyat ishini qo’zg’atishni rad etish to’g’risidagi qaror chiqarilgan shaxslarga;

o’ziga nisbatan qamoqqa olish bilan bog’liq bo’lmagan ehtiyot chorasi tanlangan jinoyat sodir etishda ayblanuvchilarga;

O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 40,41, 45,47, 52,56, 58,61, 106,131, 165-1,183, 184,184-1, 184-2,184-3, 187,188, 188-1,189, 189-1,190, 191,201, 202,202-1, 240,241-moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etganlarga;

ixtisoslashtirilgan o’quv-tarbiya muassasalaridan qaytganlarga.

36-modda. Shaxsni profilaktik hisobga qo’yish asoslari

Shaxsni profilaktik hisobga qo’yishga quyidagilar asos bo’ladi:

vakolatli organning yoki mansabdor shaxsning ushbu Qonun 35-moddasining oltinchi xatboshisida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar bo’yicha ma’muriy jazo qo’llash to’g’risidagi qarori;

vakolatli organning yoki mansabdor shaxsning jinoyat ishini tugatish to’g’risidagi yoxud reabilitatsiya qilmaydigan asoslar bo’yicha jinoyat ishini qo’zg’atishni rad etish to’g’risidagi qarori;

o’ziga nisbatan qamoqqa olish bilan bog’liq bo’lmagan ehtiyot chorasi tanlangan ayblanuvchi sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilish to’g’risidagi tergovchining yoki prokurorning qarori;

sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi;

shaxsning jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinganligi to’g’risidagi ma’lumotnoma;

voyaga yetmaganlar ishlari bo’yicha komissiyaning qarori.

Bir shaxsni profilaktik hisobga qo’yish uchun bir qancha asoslar mavjud bo’lgan taqdirda, asoslarning har biri bo’yicha alohida-alohida profilaktik hisobga olish amalga oshiriladi.

37-modda. Shaxsni profilaktik hisobga qo’yish tartibi

Ushbu Qonun 36-moddasining birinchi qismida ko’rsatilgan asoslardan biri mavjud bo’lganda, profilaktik hisobga olishni amalga oshirish uchun mas’ul bo’lgan shaxs shaxsni profilaktik hisobga qo’yish to’g’risida ichki ishlar tuman, shahar bo’limining, boshqarmasining boshlig’i tomonidan tasdiqlanadigan qaror chiqaradi. Mazkur qaror shaxsni profilaktik hisobga qo’yish uchun asoslar mavjudligidan dalolat beruvchi hujjatlar mansabdor shaxs tomonidan olingan kundan e’tiboran o’n kun ichida chiqariladi. Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga nisbatan shaxsni profilaktik hisobga qo’yish to’g’risidagi qaror ular yashash joyiga yetib kelgan kundan e’tiboran uch kun ichida chiqariladi.

Shaxsni profilaktik hisobga qo’yish to’g’risidagi qarorda qarorni chiqargan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi, u chiqarilgan sana va joy, u qaysi shaxsga nisbatan chiqarilgan bo’lsa, o’sha shaxs to’g’risidagi ma’lumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, tug’ilgan sanasi, yashash, ish, o’qish joyi) va profilaktik hisobga qo’yish asoslari ko’rsatiladi. Shaxsni profilaktik hisobga qo’yish to’g’risidagi qaror mazkur qarorni chiqargan shaxs tomonidan imzolanadi.

Shaxsni profilaktik hisobga qo’yish to’g’risidagi qaror profilaktik hisobga qo’yilgan shaxsga imzo qo’ydirib e’lon qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Qaror ushbu shaxsga tasdiqlangan paytdan e’tiboran uch kun ichida, u yashash joyida bo’lmagan hollarda esa, uning turgan joyi aniqlangan paytdan e’tiboran uch kun ichida e’lon qilinishi kerak. Qaror e’lon qilinganda shaxsga uning huquq va majburiyatlari tushuntirilib, bu haqda qarorda qayd qilinadi.

Shaxsning xulq-atvorini nazorat qilish va unga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari o’z vaqtida qo’llanilishini ta’minlash maqsadida shaxs profilaktik hisobga qo’yilgan kunda ichki ishlar organlari tomonidan profilaktika ishi ochiladi.

38-modda. Shaxsni profilaktik hisobga olish muddati

Shaxsni profilaktik hisobga olish u profilaktik hisobga qo’yilgan paytdan e’tiboran bir yil mobaynida amalga oshiriladi.

Agar profilaktik hisobga olishni amalga oshirish davrida ushbu Qonun 36-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan yangi asoslar vujudga kelsa, shaxsni profilaktik hisobga olish muddatini hisoblash shaxs yangi vujudga kelgan asoslar bo’yicha profilaktik hisobga qo’yilgan paytdan e’tiboran amalga oshiriladi.

39-modda. Shaxsni profilaktik hisobdan chiqarish asoslari

Shaxsni profilaktik hisobdan chiqarish quyidagi asoslardan biri mavjud bo’lganda amalga oshiriladi:

profilaktik hisobga olish muddatining tugashi;

reabilitatsiya qiluvchi asoslarga ko’ra jinoyat ishini tugatish to’g’risida tergovchi yoki prokuror tomonidan qaror qabul qilinishi yoki sudning oqlov hukmining qonuniy kuchga kirishi;

sudning shaxsni ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoga hukm qilish to’g’risidagi ayblov hukmining yoki tibbiy yo’sindagi majburlov chorasini qo’llash to’g’risidagi sud ajrimining qonuniy kuchga kirishi;

qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash to’g’risida sud tomonidan ajrim chiqarilishi;

shaxsning muddatidan oldin to’liq tuzalganligi to’g’risida dalolat beruvchi ma’lumotlarning mavjudligi;

profilaktik hisobda turgan shaxs O’zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga doimiy yashash joyiga qonunda belgilangan tartibda chiqib ketgan taqdirda;

profilaktik hisobda turgan shaxsning vafot etishi.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko’rsatilgan asoslardan biri mavjud bo’lganda, profilaktik hisobni amalga oshirish uchun mas’ul bo’lgan shaxs shaxsni profilaktik hisobdan chiqarish to’g’risida ichki ishlar tuman, shahar bo’limining, boshqarmasining rahbari tomonidan tasdiqlanadigan qaror chiqaradi.

Profilaktik hisobda turgan shaxs ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoga hukm qilingan taqdirda, unga nisbatan to’plangan materiallar sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran besh kun ichida huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlarini qo’llash uchun tegishli jazoni ijro etish muassasasiga yuboriladi.

Profilaktik hisobda turgan shaxs doimiy yashash joyini o’zgartirgan taqdirda, uni hisobga olish yangi doimiy yashash joyi bo’yicha amalga oshiriladi.

40-modda. Shaxsni majburiy davolanishga yuborish

Surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka chalingan shaxs tomonidan jamoat tartibi, boshqa shaxslarning huquqlari buzilgan yoxud u aholining xavfsizligi, sog’lig’i va jamiyatning axloqiga tahdid solgan taqdirda ichki ishlar organlari "Surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka mubtalo bo’lgan bemorlarni majburiy davolash to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq uni majburiy davolanishga yuborish bo’yicha chora-tadbirlarni ko’radi.

41-modda. Ichki ishlar organlarining ma’muriy nazorati

Ichki ishlar organlarining jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar ustidan ma’muriy nazorati tarbiyaviy-profilaktik ta’sir ko’rsatish chora-tadbirlari majmuidan iborat bo’ladi va nazorat ostidagilarga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan cheklovlarni qo’llashdan iborat bo’ladi.

Ma’muriy nazoratni o’rnatish, amalga oshirish va tugatish tartibi, shuningdek qo’llaniladigan cheklovlar ro’yxati jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar ustidan ichki ishlar organlarining ma’muriy nazorati to’g’risidagi qonun hujjatlarida belgilanadi.

42-modda. O’ziga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari qo’llanilayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlari

O’ziga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari qo’llanilayotgan shaxslar:

o’ziga nisbatan qo’llanilayotgan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlarining asoslari va huquqiy oqibatlarini bilishga;

o’ziga nisbatan to’plangan hujjatlar va boshqa materiallar bilan tanishishga;

iltimoslar qilishga;

yuridik yordam olishga;

huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organning yoki muassasaning qarorlari, mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.

O’ziga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari qo’llanilayotgan shaxslar huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarishi shart.

O’ziga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari qo’llanilayotgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo’lishi mumkin.

6-BOB. HUQUQBUZARLIKLARNING VIKTIMOLOGIK PROFILAKTIKASI

43-modda. Huquqbuzarliklarning viktimologik profilaktikasi tushunchasi

44-modda. Huquqbuzarliklarning viktimologik profilaktikasi chora-tadbirlari

45-modda. Huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilarga yordam ko’rsatuvchi ixtisoslashtirilgan muassasalar

43-modda. Huquqbuzarliklarning viktimologik profilaktikasi tushunchasi

Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasaning muayan shaxsning huquqbuzarlikdan jabrlanuvchiga aylanishi xavfini kamaytirishga qaratilgan profilaktika chora-tadbirlarini qo’llashga doir faoliyati huquqbuzarliklarning viktimologik profilaktikasidir.

44-modda. Huquqbuzarliklarning viktimologik profilaktikasi chora-tadbirlari

Huquqbuzarliklarning viktimologik profilaktikasi chora-tadbirlari quyidagilardan iborat:

huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilarga nisbatan shaxsning individual va ijtimoiy-psixologik xususiyatlari hisobga olingan holda profilaktika tadbirlarini o’tkazish;

aholiga, shu jumladan, huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilarga shaxslar o’rtasidagi nizolarni hal etish usullarini o’rgatish;

huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilarni aniqlash va himoya qilish bo’yicha chora-tadbirlarni ko’rish;

huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilarga yordam ko’rsatuvchi ixtisoslashtirilgan muassasalarni tashkil etish;

huquqbuzarlikdan jabrlanuvchining jismoniy va psixologik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan maxsus kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, uni qonunda nazarda tutilgan o’zini o’zi mudofaa qilish usullari va vositalari to’g’risida xabardor qilish;

g’ayriijtimoiy xulq-atvor nisbatan tez-tez kuzatiladigan yoki huquqbuzarliklar tez-tez sodir bo’lib turadigan joylarni (hududlarni) muntazam ravishda nazorat qilish;

hujum qilingan taqdirda zaruriy mudofaa va oxirgi zarurat haqidagi ma’lumotlarni keng tarqatish yo’li bilan aholiga huquqiy tarbiya va ta’lim berish;

g’ayriijtimoiy xulq-atvor, tayyorlanayotgan, sodir etilayotgan yoki sodir etilgan huquqbuzarliklar to’g’risida axborot olish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasa huzurida ishonch, tezkor aloqa telefonlarini, qutqaruv xizmatlarini tashkil etish;

profilaktika dasturlari va tadbirlari loyihalarining ommaviy muhokamalarini tashkil etish, ularni amalga oshirish jarayonida muammolar va kamchiliklarni aniqlash hamda bartaraf etish maqsadida jahon Internet axborot tarmog’ida veb-saytlar, bloglar, chatlar tashkil qilish;

huquqbuzarliklar profilaktikasining zamonaviy usullari to’g’risida elektron adabiyotlarni tarqatish.

Huquqbuzarliklarning viktimologik profilaktikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ham o’z ichiga olishi mumkin.

45-modda. Huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilarga yordam ko’rsatuvchi ixtisoslashtirilgan muassasalar

Davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari qonun hujjatlariga muvofiq huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilarga yordam ko’rsatuvchi ixtisoslashtirilgan muassasalar tuzishi mumkin. Ixtisoslashtirilgan muassasalar huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordam ko’rsatadi.

Huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilarga yordam ko’rsatuvchi ixtisoslashtirilgan muassasalarni tuzish va ularning ishini tashkil etish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.

7-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDALAR

46-modda. Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlari

47-modda. Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda muassasalar faoliyatining moliyaviy va moddiy-texnika ta’minoti

48-modda. Nizolarni hal etish

49-modda. Huquqbuzarliklar profilaktikasi to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

50-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

51-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

46-modda. Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlari

Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari cheklanishiga, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalada bo’lishga, shaxsiy hayot, yozishmalar, telefonda so’zlashuvlar, pochta, telegraf xabarlari va boshqa xabarlar sir saqlanishi, bir joydan ikkinchi joyga erkin ko’chish va yashash joyini tanlash, shuningdek shaxsiy daxlsizligi, uy-joy daxlsizligi buzilishiga yo’l qo’yilmaydi, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.

O’ziga nisbatan profilaktika chora-tadbirlari qo’llanilayotgan shaxslar huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organning yoki muassasaning qarorlari, mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilishga haqli.

47-modda. Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda muassasalar faoliyatining moliyaviy va moddiy-texnika ta’minoti

Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar faoliyatining moliyaviy hamda moddiy-texnika ta’minoti O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag’lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Faoliyati huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog’liq bo’lgan nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ijtimoiy buyurtmani joylashtirish va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar vositasida qo’llab-quvvatlaydi.

48-modda. Nizolarni hal etish

Huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

49-modda. Huquqbuzarliklar profilaktikasi to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Huquqbuzarliklar profilaktikasi to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’ladi.

50-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo’lgan o’z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko’rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

51-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o’tgach kuchga kiradi.

 

O’zbekiston Respublikasining Prezidenti                          I. Karimov

 

"Xalq so’zi", 2014 yil 15 may

"O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami",

2014 yil 19 may, 20-son, 221-modda

Kalit so'zlar:
Maktabimiz faxrimiz
Gurlan tumanidagi 41-son U.O`.T. maktabi.

Ko'p o'qilgan

Декабрь 2024 (3)
Ноябрь 2024 (1)
Октябрь 2024 (4)
Июнь 2024 (1)
Октябрь 2023 (2)
Сентябрь 2023 (2)

So'rovnoma

Qaysi fanlarga ko'proq qiziqarli? [?]